TOShKENT, 17-may — Sputnik. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va sobiq bosh vazir Abdulloh Abdulloh hukumatni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda mamlakat prezidenti vakili Sediq Sediqqi ma’lum qildi.
“Prezident G‘ani va Abdulloh Abdulloh o‘rtasida hozirgina siyosiy bitim imzolandi. Abdulloh Milliy yarashish oliy kengashiga rahbarlik qiladi. Jamoasi a’zolari esa mahkamaga (vazirlar – tahr.) kiritiladi”, - deya yozgan Sediqqi Twitterʼdagi sahifasida.
9 mart kuni saylovlarda g‘alaba qozongan Ashraf G‘ani qasamod qabul qildi va rasman Afg‘oniston prezidenti lavozimiga kirishdi. O‘z mag‘lubiyatini tan olmagan Abdulloh Abdulloh ham o‘sha kuni davlat rahbari sifatida inauguratsiya marosimi o‘tkazdi va o‘zini prezident deb e’lon qildi. Ikki kundan so‘ng Ashraf G‘ani bosh vazir lavozimini tugatdi.