Raqslarsiz va to‘shaksiz: Mata Xari, sovetcha talqini

Avtobus Yangi Arbatdagi dorixona oldida to‘xtadi. Haydovchi salondan chiqayotgan kampirni payqamay qoldi. Eshiklar yopildi - u zinapoyada qisilib, avtobus siljishi bilan g‘ildiraklar ostida qoldi.
Sputnik

Olga Bugrova

1987 yil 14-mayda afsonaviy razvedkachi Yelizaveta Zarubinani mana shunday ayanchli tarzda halok bo‘lgan edi.

Uning hayoti tafsilotlari hanuz "mahfiy" muhri ostida qolmoqda. U 20-yil davomida Avstriya va Turkiya, Daniya va Belgiya, Finlyandiya va Fransiya, Shveysariya va Buyuk Britaniya, Germaniya va AQShda xizmat safarlarida bo‘ldi. Muvaffaqiyatsizlik neligini bilmadi.

O‘zbekiston tarixi – josus nazarida

Yollash dahosi

U turmush o‘rtog‘i Vasiliy Zarubin bilan birga "Vardo" taxallusi ostida harakat qilardi. Tashqi razvedka rezidenti bo‘lgan turmush o‘rtog‘i familiyasi va tarjimai holini tez-tez o‘zgartirardi. U goh savdogar, goh tennis klubi egasi, goh sovet elchixonasining kotibi bo‘lar edi. Yelizavetaning asosiy ishi - razvedka tarmoqlarini yaratish edi. Bunda unga teng keladigani yo‘q edi. Ikkinchi Jahon urushidan oldin natsistlar Germaniyasidagi faoliyatidan so‘ng, uni "razvedka afsonasi" deya atay boshladilar. Gestapo hodimi Villi Leman u payt nemis agentlari orasida eng qimmati bo‘lgan. Undan Moskvaga "Vardo" aloqachisi orqali "Fau" raketasining yaratilishi to‘g‘risida ma’lumotlar yetkazilgan. Urush paytida AQShda olib borilgan razvedka operatsiyasida Zarubinaning ishtiroki, unga yanada ko‘proq mashhurlik olib keldi. Yadro bombasini yaratish loyihasida ("Manxetten") ishtirok etgan ko‘plab olimlar  Sovet "tarmog‘iga" qo‘shildi. Zarubinaning "Amerika rekordi" - 22 nafar agent. Qat’iy konspiratsiya ostida u Vashingtondan Nyu-Yorkka ko‘chib, Kaliforniya bo‘ylab sayohat qilib, hamma bilan birma-bir uchrashdi. Urushdan keyin Zarubina "atom razvedkasi" uchun "Qizil yulduz" ordeni bilan taqdirlandi.

Tojikiston foydasiga josuslik qilgan o‘zbekistonlik ayol 10-yilga qamaldi

So‘nggi avtobus

Yelizaveta Zarubinani "Sovet Mata Xari"si deb atashadi. Tashqi razvedka xizmati faxriysi polkovnik Lev Korolkov bu fikrga qisman qo‘shiladi:

"Josus Mata Xari "unisi, narigisi va uchinchisiga" ham ishladi, u shunchaki raqqosa edi va umri yomon yakun topdi. Yelizaveta Zarubina - martabali razvedkachi va oliy ma’lumotli inson. Ma’lumot olishda u ayollik makrlaridan foydalanganmi? Ehtimol. U go‘zal ayol bo‘lgan. Razvedka o‘z vazifalarini hal qilishda yordam beruvchi har qanday imkoniyatlardan foydalanadi. Razvedkachi har qanday ijtimoiy maqomga, jinsga, yoshga va dinga mansub odam bilan aloqa o‘rnatishi kerak. Va buni qanday amalga oshirishni professionalning o‘zi hal qiladi".

Tug‘ma joziba va nazokat Zarubinaning yagona quroli bo‘lmagan. U zakovati bilan hayratga solgan, shuning uchun uni "qiziqishlari turli bo‘lgan kompaniyalariga" taklif qilishardi. U ochiq, hushmuomala inson sifatida taassurot qoldirardi, ammo shu bilan birga uning ichidagi psixolog doim hushor turgan. U odamlarni o‘ziga magnit kabi jalb qilgan, u bo‘lgan deyarli har bir mamlakatda ko‘plab tanishlari bor edi. Ammo uning asosiy hislati – uning odamlarda kamdan-kam uchraydigan intuitsiyasi bo‘lgan: Yelizaveta Zarubina ham omad va xavfni bir hilda oldindan nihoyatda his eta olgan. Ammo o‘z hayotidagi so‘nggi avtobus bilan bog‘liq vaziyatni oldindan taxmin eta olmadi.