TOShKENT, 11-may - Sputnik. Koronavirus bilan kasallanishning yangi o‘choqlari yuzaga kelgani bois, "sariq” toifada bo‘lgan Zarafshon shahri "qizil" hududga aylandi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborotida keltirilgan.
"Respublika maxsus komissiyasi joriy yilning 9 va 11-may kunlari Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida koronavirus bilan kasallanishning yangi o‘choqlari yuzaga kelgani, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi takliflarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga muvofiq, Navoiy viloyatining boshqa shahar va tumanlari toifasiga o‘zgartirish kiritmagan holda "Sariq" toifada bo‘lgan Zarafshon shahri “Qizil” toifadagi hududga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi", - deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik holatdan kelib chiqib, “qizil” toifadagi hudud uchun muayan faoliyat turlari yuzasidan belgilangan cheklovlar Zarafshon shahrida vaziyat (kamida 14 kun davomida) barqarorlashgunga qadar saqlanib qoladi.