TOShKENT, 5-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ko‘rib chiqildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o‘zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo‘yildi.
Qayd etilishicha, tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratiladi.
Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berilishi hamda stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘lishi xabar qilingan edi.