TOShKENT, 2-may - Sputnik. Turkiston viloyati akimi Umirzak Shukeyev Maktaorol tumanidagi bir nechta aholi yashash punktlarining suv bosishi holati nazorat ostida ekanligini ma’lum qildi va aholini vahimaga berilmaslikka chaqirdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qozog‘iston.
"Hozir eng muhimi - tinchlanish. Kecha oqshom aholi orasida vahima kayfiyati kuzatildi, ular mashinalarga o‘tirib, tartibsiz ravishda yashayotgan hududini tark etishgan. Bu holatni to‘xtatish kerak. Hammasi nazoratda. Bu murakkab holat, buni tushunamiz, lekin biz bu vaziyatga yechim topishga qodirmiz", - degan Umirzak Shukeyev.
Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni erta tong "Sardoba" suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan va Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga, Mirzaobod tumanidagi "Navbahor", "Haqiqat" va "Bahoriston" MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgani haqida xabar berilgan edi.
"Bu tufayli Maktaorol tumanidagi qator qishloq okruglarida favqulodda holat yuzaga keldi - suv ekin maydonlari va bir nechta aholi punktlariga kirib bordi", - deb aytgan akim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tun davomida to‘rtta aholi yashash punktlari - Jenis, Jana Turmis, Sardoba va Nurli Joldan 5 400 kishi evakuatsiya qilingan.
"Suv bosgan hududlarga yaqin aholi punktlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rapmiz. Hozirda atrofni havoda aylanib, qo‘shnilarimizdan olgan ma’lumot haqiqatga mosligiga amin bo‘lishimiz kerak. Agar bu xabar o‘z tasdig‘ini topsa, va suv kelmayotgan bo‘lsa, evakuatsiya ishlarini davom ettirishga zarurat yo‘q", - deya qayd etgan Shukeyev.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin O‘zbekiston FVV toshqin oqibatlarini bartaraf etish maqsadida uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilganini xabar qilgan edi.
Suv omboridagi avariyadan so‘ng voqea joyiga zudlik bilan prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Abdulla Aripov etib borgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Sirdaryo viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari 1-may kuni Oqoltin tumanida aholi bilan bo‘lgan muloqotda "sharoit yaxshilanmagunicha, rahbarlarning birortasi, men bosh, hech qayerga ketmaydi", deb aytgan.
Ta’kidlashlaricha, avariyaga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgan.
Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat yuzasidan FVVda koll-sentr faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘ng‘iroqlar 1205 va 1250 qisqa telefon raqamlari orqali qabul qilinmoqda.