O‘zbekistonda 72 yoshli bemor va uch chaqaloq COVID-19ni yengishga muvaffaq bo‘ldi

O‘zbekistonda bir kunda 66 nafar bemor koronavirusdan tuzalib ketdi. Ayni paytda kasalxonalarda 973 kishi davolanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekistonda bir kunda 66 nafar bemor koronavirusdan tuzalib ketdi. Ular orasida 72 yoshli fuqaro va uch nafar chaqaloq ham bor. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Dastlab Farg‘ona viloyatida 7 nafar, Qashqadaryo viloyatida esa 1 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzalib ketdi.

Farg‘onada sog‘ayganlarning 5 nafari Turkiyadan kelgan. Qolgan 2 nafari esa bemor bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Eng kattasi 48 yoshda, eng kichigi 2020-yil tug‘ilgan.

Bugun Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 9 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25-mart kuni Rossiyadan  charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yosh.

O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 1920 nafardan oshdi

Poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sog‘aydi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning biri 72 yoshda bo‘lgan. U 30-mart kuni juda og‘ir ahvolda mazkur  klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor shifokorlarning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to‘liq tuzalgan bo‘lsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun o‘tkazildi.

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida ham bir yo‘la 24 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular orasida 11 oylik va 1 yoshli chaqaloqlar ham bor.

Shu tariqa, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 958 nafarga yetdi. Kasallanganlarning umumiy soni 1939 kishini tashkil etadi. 8 kishi vafot etgan.