O‘zbekiston pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun 3 mlrd dollar jalb qiladi

Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga, tadbirkorlik va bank tizimini qo‘llab-quvvatlashga, davlat budjetiga, kommunal va energetika korxonalariga yo‘naltiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish uchun xalqaro moliya institutlarining 3,1 milliard dollar miqdoridagi kreditlarini jalb qilmoqchi. Davlat rahbari tegishli qarorga imzo chekdi.

O‘zbekiston pandemiya tufayli OTBdan 1 mlrd dollargacha mablag‘ so‘radi

Shavkat Mirziyoyev imzolagan qaror bilan pandemiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun grantlarni jalb qilish va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Ushbu mablag‘lardan sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga — 277,5 million dollar, tadbirkorlik va bank tizimini qo‘llab-quvvatlashga — 700 million dollar, davlat budjetiga — 1,8 milliard dollar, kommunal va energetika korxonalariga 300 million dollar yo‘naltiriladi.

Respublika mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan xalqaro moliyaviy institutlar ro‘yxatiga Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilma investitsiya banki kiritilgan.

OIIB pandemiya tufayli O‘zbekistonga favqulodda qo‘shimcha mablag‘ ajratadi

Moliya vazirligi zimmasiga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining qarzlarini jalb qilish bo‘yicha javobgarlik yuklangan.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 3 kun muddatda Osiyo taraqqiyot bankiga respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollar miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha so‘rov yuborishi belgilangan.

Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.