TOSHKENT, 1 apr — Sputnik. Oʻzbekiston hukumati Osiyo taraqqiyot banki (OTB)dan yangi COVID-19 koronavirusi pandemiyasi tufayli davlat byudjeti uchun 1 milliard dollargacha mablagʻ soʻradi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
1 aprel kuni bosh vazir oʻrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov videokonferentsiya formatida OTB prezidenti Masatsugu Asakava bilan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlariga taʼsirini yumshatish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi.
“OTBning Oʻzbekistonga 1 milliard AQSH dollarigacha byudjet mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish masalasi alohida muhokama qilindi”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, Asakava ushbu masala jarayonlarini tezlashtirish uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilishini maʼlum qilgan.
Vazirlik xabariga koʻra, OTB Oʻzbekistonning virus tarqalishi bilan bogʻliq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming dollarga teng miqdorida grant ajratilishini maʼqullagan.
“Shuningdek Bank tomonidan, Respublika sogʻliqni saqlash tizimini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish istiqbollari koʻrib chiqilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda Koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozga qarshi jamgʻarma tuzgan va unda 10 trillion soʻm shakllantirilgan. Koronavirus taʼsiri eng yuqori boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq taʼtillari va kredit qarzlari boʻyicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilangan.