Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida qator tayinlovlar amalga oshirildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Bahrom Almatov direktor o‘rinbosari etib tayinlandi.
Sputnik

TOShKENT, 18 apr - Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida qator tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Koronavirus mobil telefon orqali ham yuqadi - Almatov

O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga qo‘shimcha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimi kiritildi.

Shunga asosan, prezident qarori bilan Bahodir Yusupaliyev O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

Shu vaqtgacha u Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Botirjon Qurbonov O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ayni paytgacha ushbu agentlik direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Bahrom Almatov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.