Mirziyoyev kasallik alomatlarini sezgan fuqarolarga shifokorga murojaat etishni maslahat berdi

"Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!" - degan prezident.
Sputnik

TOShKENT, 8 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zida kasallik alomatlarini sezgan fuqarolarga darhol shifokorga murojaat etishni maslahat berdi.

Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi haqida: tezkor choralarimiz ijobiy natijasini bermoqda

Bu haqda davlat rahbari 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida gapirgan.

Yig‘ilishda prezident targ‘ibot ishlariga qaramay uyida davolangan va og‘ir holatda yotqizilgan 40 yashar bemor kecha olamdan o‘tganiga e’tibor qaratgan.

Marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirar ekan, Mirziyoyev yana bir bor barchani ogohlikka chaqirgan.

“Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!” - degan prezident.

Afsuski, karantin va sanitariya-gigiyena talablariga befarq qarayotgan shaxslar ham yo‘q emas.

Toshkentda yana bir instagram “yulduzi” yetti sutkaga qamaldi

O‘tgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlanib, jarimalar qo‘llangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni to‘plab, ziyofat va marosimlar o‘tkazilgani aniqlangan.

"Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yanada kuchli bo‘lib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda bo‘lib, albatta yorug‘ yuz bilan o‘tib olamiz. Faqat tartib-intizomga qat’iy rioya qilib, o‘rinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki bo‘ladi. Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, o‘tib ketadi. Pok niyatli, dinu diyonatli, sabr-bardoshli, olijanob xalqimiz bilan hali ko‘p yaxshi kunlarni ko‘ramiz, ko‘p to‘y-tomosha va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga albatta yetamiz,” – deb ta’kidlagan O‘zbekiston rahbari.