TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Toshkentda mayda bezorilik sodir etgan fuqaroga chora ko‘rildi.
Poytaxt IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Instagram´da ko‘p obunachiga ega bo‘lgan sahifalarning birida muallif sanitariya-epidemiologiya talablarini mensimaganligi aks etgan bir nechta foto va videolarni joylashtirgan. Shuningdek, beadab so‘zlarini ishlatib, ichki ishlar organlari xodimlarining karantin kunlarida olib borayotgan ishlarini masxara qilgani namoyish etilgan. Bu o‘z navbatida Toshkent shahar IIBB xodimlarining diqqatini tortgan.
“Olib borilgan tekshiruv natijasida mazkur akkauntni boshqaradigan shaxs 21 yoshli muqaddam sudlangan Geydar A. ekanligi aniqlandi”, - deyilgan xabarda.
Huquqbuzarga nisbatan zarur choralar ko‘rilishi uchun mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Mirobod tumani ma’muriy sudiga yo‘naltirildi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 moddasiga (mayda bezorilik) muvofiq yetti sutka ma’muriy jazo tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda karantin qoidalarini mensimay, Amir Temur haykaliga hurmatsizlik qilgan uch nafar fuqarolar 15 sutkaga qamalgani xabar qilingan edi.