TOShKENT, 8 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda ta’kidlaganishicha, pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaro olib kelindi. Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.
Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilingan. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.
"Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda", – dedi davlat rahbari.
Prezidentning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolar, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgan.
"Mana shunday og‘ir sinov damlarida ko‘pmillatli xalqimiz sarosima va vahimaga tushmasdan, aksincha, chetdan kelgan bu baloning tezroq o‘tib ketishiga, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, o‘zining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda", – dedi Mirziyoyev.
Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini g‘animat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xo‘jaligi ishlarini boshlab yuborganligi ta’kidlandi.
Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.
"Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda hayot barqaror sur’atda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, o‘z burchiga sadoqati tufayli ko‘rayotgan tezkor choralarimiz o‘zining ijobiy natijasini bermoqda", – dedi Mirziyoyev.