Italiyaga koronavirusga qarshi kurashda bevosita yordam berish maqsadida Il-76 samolyotlari rossiyalik harbiy mutaxassislari va uskunalari bilan birga 23-mart kuni kechqurun "Praktik de Mare" aviabazasiga (Rimdan 30 km masofada) kelishni boshladilar, deb yozadi Sputnik harbiy sharhlovchisi Aleksandr Xrolenko.
Rossiya Italiyaga harbiy virusologlar va tibbiyot mutaxassislaridan iborat 8 ta ko‘chma guruhni, diagnostika uskunalarini, transportni aerozolli dezinfeksiyalash avtomobil tizimlari va boshqa tibbiy jihozlarni yetkazib bermoqda.
"Maxsus tibbiy bo‘linmasi" tarkibi RF Mudofaa vazirligining virusologiya va epidemiologiya sohasidagi epidemiyalarga qarshi kurashda katta xalqaro tajribaga ega bo‘lgan 100 ga yaqin yetakchi mutaxassislardan iborat.
Rossiya desanti barcha zarur tibbiy buyumlar, zamonaviy uskunalar va maxsus texnika bilan ta’minlangan. Italiya tomoni bilan kelishilishi bilan, rossiyalik harbiy shifokor va virusologlar o‘z vazifalarini bajarishga kirishmoqda.
Rossiya Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni Vladimir Putin topshirig‘iga asosan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi koronavirusga qarshi kurashda Italiya Respublikasiga tezkor yordam yetkazish maqsadida 9 ta Il-76 VTA samolyotlaridan iborat bo‘lgan aviatsiya guruhini tuzdi.
Ehtimol, ushbu havo ko‘prigi Italiyada koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish davrida uzluksiz ishlaydi. Rossiyalik mutaxassislar oldida juda katta va o‘ta xavfli ish turibdi. 24-mart holatiga ko‘ra, Italiyada ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 63 927 kishini tashkil qildi. Bir sutkada 609 kishi vafot etdi. 6077 kishi COVID-19 qurboni bo‘ldi.
Kuchlar va vositalar
21 mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbat davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte koronavirus pandemiyasi bo‘yicha vaziyat va unga qarshi kurash choralarini muhokama qilishdi.
Italiya tomonining murojaatiga javoban Vladimir Putin zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi, Rossiyaning pozitsiyasi pandemiyaga qarshi kurashda Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadigan birlikning yo‘qligi va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishdan keskin farq qiladi.
RF Harbiy-kosmik kuchlarining virusologlar va epidemiyani nazorat qiluvchi uskunalar bilan jihozlangan birinchi Il-76 bortini "Praktik-de-Mare" aviabazasida Italiya tashqi ishlar vaziri Luidji Di Mayo va respublika Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Enso Vicherelli kutib oldilar.
Ular "bunday mushkul paytda Rossiya yordami uchun butun Italiya xalqi nomidan katta mamnuniyat va minnatdorlik bildirishdi”.
Bu juda samimiy edi, chunki Yevropadagi yaqin qo‘shnilari Italiyaga uzoq vaqt davomida hatto pul bilan ham yordam berishga jur’at etishmadi.
Italiya tashqi yordamga juda muhtoj, chunki respublikada sog‘liqni saqlash tizimining 4824 nafar xodimi kasallangan - bu Xitoydagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Ammo, aynan teskari hodisalar yuz berdi. La Repubblica gazetasi xabar berishicha: XXR hukumati tomonidan Italiyaga yordam uchun yuborilgan niqob va respiratorlar partiyasi Chexiya hukumati tomonidan olib qo‘yildi. Biroq, Chexiya tomoni xuddi shu miqdorda himoya vositalarini yuborishga va’da berdi.
Shimoliy Atlantika Alyansi harakatsiz. Italiyaga virusologlar va tibbiy jihozlar bilan jihozlangan bir nechta Rossiya harbiy samolyotlari yuborilganidan so‘ng, Italiya hukumati Pentagonga yordam so‘rab murojaat qildi.
Xususan, Italiya Mudofaa vaziri Lorenso Guerini AQSh mudofaa vaziri Mark Esperdan o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish uskunalarini va tibbiy niqoblarni so‘radi. Rim, shuningdek, Italiyada joylashgan amerikalik harbiy shifokorlarining yordamiga umid qilmoqda. Vashingtondan tezkor javob kelmadi.
Rossiyaning to‘qqizinchi Il-76 samolyoti 23-mart kuni ertalab Italiyaga yetib keldi. Barcha zarur uskunalar bilan jihozlangan harbiy shifokorlar guruhi jo‘natildi. Avtotransport vositalari va hududlarini aerozol bilan dezinfeksiya qilish uchun KamAZ avtomobillari bazasidagi mobil tizimlar Italiyaning eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlariga yo‘llanmoqda. Rossiyadan tashqari, italiyaliklarni epidemiyaga qarshi kurashni davlat darajasida qo‘llab-quvvatlashda faqat Venesuyela, Xitoy va Kubadan kelgan tibbiy guruhlar yordam bermoqda.
Rossiya Italiyaga malakali mutaxassislarni, dori-darmonlarni va maxsus jihozlarni yuborish bilan, birinchi navbatda, epidemiyalar va eng xavfli kasalliklar - Ebola, kuydirgi va boshqa kasalliklarga qarshi kurashda o‘zining muvaffaqiyatli tibbiy tajribasini taqdim etmoqda. Albatta, rossiyalik mutaxassislar Italiyada ham noma’lum bo‘lgan virusga qarshi kurashda yangi muhim tajribani ortiradilar, bu kelajak uchun kerak.
Maxsus tibbiy bo‘linmasi
Italiyadagi Rossiya mutaxassislarining deyarli butun tarkibi - jahon miqyosidagi harbiy virusologlar va shifokorlar elitasidan iborat. Xususan, Rossiya "maxsus tibbiy bo‘linmasi"ni boshqarayotgan general-mayor Sergey Kikot maxsus ishlov berish tizimlarining eng yangi modellarini yetakchi yaratuvchisi va ularni qo‘llash bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. U sibir kuydirgisi epidemiologik tarqalishining murakkab sharoitlarida, suv toshqinlarning epidemiologik oqibatlarini bartaraf etishda katta tajribaga ega.
Yetakchi epidemiolog-olim, tibbiyot fanlari nomzodi, polkovnik Aleksey Smirnov epidemiologiya va ahamiyatli yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha 70 dan ortiq ilmiy ish yozdi. Ebola virusiga qarshi vaksinani ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Tibbiyot fanlar nomzodi, podpolkovnik Gennadiy Yeremin - ilmiy-tadqiqot markazining yetakchi ilmiy xodimi, epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha nufuzli mutaxassis.
Tibbiyot fanlari nomzodi, podpolkovnik Aleksandr Yumanov rossiyalik harbiy mutaxassislar guruhi safida Ebolaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro dastur doirasida Gvineya Respublikasida ko‘chma kasalxona faoliyatini tashkil qilgan. O‘tgan yili u tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarda epidemiyaga qarshi kurash bo‘yicha Hindistonda ASEAN mamlakatlarining harbiy tibbiy xizmatlari va "SMOA plyus" MEDEX-2019 muloqot formatidagi hamkorlari mashqlarida ishtirok etgan.
Virusologiya sohasidagi mutaxassis, podpolkovnik Vacheslav Kulish virus tabiatining biologik zarar yetkazuvchilariga qarshi himoya vositalarini ishlab chiquvchi mutaxassis hisoblanadi. U Ebola virusiga qarshi vaksinalarni, vaboga qarshi vaksinalarni ishlab chiqishda qatnashgan. E’tiborga olish joizki, Rossiya armiyasidagi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari bugungi kunga qadar kuzatilmaganligi ko‘p darajada olimlar va amaliyotchilarning sa’y-harakatlari evaziga erishildi.
Shunga qaramay, 20-mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi kengashining yig‘ilishi COVID-19 global muammolarini muhokama qilish bilan boshlandi. Bir hafta oldin qurolli kuchlarda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun tezkor shtab tashkil etildi va harbiylar orasida kasallik aniqlangan taqdirda 32ta gospitalda maxsus bo‘limlar tayyorlandi.
Epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va koronavirus infeksiyasiga qarshi turish uchun 18-19 mart kunlari “Chkalovskiy” aerodromida shifokorlar va harbiy politsiya ishtirokida radiatsion, kimoviy va biologik mudofaa qo‘shinlarining maxsus mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Fuqarolarni qabul qilish va evakuatsiya qilish, karantinni tashkillashtirish va transport oqimlarini tartibga solish masalalari ishlab chiqildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi yaxshilikka ishonadi, lekin har doim mamlakatda, yaqin va uzoq xorijda sodir bo‘ladigan voqealarni har qanday rivojlanishiga tayyor. Hali hech kim tabiiy epidemiyalar va biologik qurollarni bekor qilmagan.