TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Namanganda 10 nafar fuqaroga kredit olib berishni va’da qilib, ularning ortidan qo‘lga kiritgan mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Asli to‘raqo‘rg‘onlik bo‘lgan ikki nafar ayol oldindan jinoiy til biriktirib, 10 nafar fuqarolarning ishonchiga kirishgan. So‘ng kredit olib berishni va’da qilib, ularning nomlariga ish haqi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotnomalarni tayyorlashgan.
Ushbu soxta ma’lumotnomalar asosida fuqarolar nomiga jami 134 033 396 so‘mlik maishiy texnika vositalarini qo‘lga kiritishgach, ularni sotib yuborishgan. Tushgan mablag‘larni esa o‘z shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Hozirda holat yuzasidan JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi hamda 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mablag‘larni undirish harakatlari olib borilmoqda.