Jahon bozorlari qulashi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi - Qo‘chqorov

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorovning fikrlariga ko‘ra, neft narxining tushishi oqibatida gaz narxining pasayishi va ayrim mamlakatlar milliy valyutasining devalvatsiyasi O‘zbekiston eksport tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sputnik

TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirokida jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oxirgi o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorovning fikrlariga ko‘ra, neft narxining tushishi oqibatida gaz narxining pasayishi va ayrim mamlakatlar milliy valyutasining devalvatsiyasi O‘zbekiston eksport tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, neft va gaz narxi pasayishining ichki bozorga ijobiy ta’siri ham o‘rganib chiqilishi aytilgan.

“Xalqaro tovar va moliya bozorlarida yuzaga kelgan vaziyatning so‘mning almashuv kursiga ta’sirini hozircha neytral deb baholaymiz”, - dedi vazir.

Ta’kidlanishicha, gaz narxi pasayishi sababli Davlat budjeti daromadlarining yo‘qotishlari oltin narxining uqori ekanligi hisobiga to‘liq qoplanadi. Umuman olganda, Davlat budjeti barcha majburiyatlarini to‘liq ta’minlash imkoniga egadir.

Raqamli iqtisod nima  – Jamshid Qo‘chqorov javob beradi

Vazir O‘zbekiston hukumati hamkor davlatlarning makroiqtisiodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha e’lon qilgan rejalarini ijobiy baholashini bildirgan. 

Shuningdek, xalqaro moliya va tovarlar bozorlarida yuzaga kelgan qaltis vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirining ko‘lami birinchi navbatda ushbu tebranishlarning qanchalik uzoq muddat davom etishiga bog‘liqligi aytilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning 13-mart kuni Moskva shahrida MDH davlatlari iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda ushbu masalani tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkor davlatlar vakillari bilan yana bir bor muhokama qilinadi.

Yuzaga kelgan vaziyatning O‘zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sirini minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kirishilgan. Shu maqsadda uchta idora vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhi va tegishli idoralar jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradilar va ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot berib turadilar.

Eslatib o‘tamiz, 9 mart kuni dunyoda neft narxi tushib ketdi. Shuningdek, moliya bozorlarida fond birjalarining qulashi va rublning arzonlashishi kuzatildi.