Farg‘onada 18 abituriyentning o‘qishga kirishida yordam bergan prorektor jinoyati fosh etildi

Prorektor komissiyaning boshqa a’zolari bilan 18 nafar abituriyentlarning imtihon natijalarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgan. Natijada ular o‘qishga kirgan.
Sputnik

TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Farg‘ona Davlat universitetida kirish imtihonlari natijalari soxtalashtirilgan prorektor kirdikorlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar qildi.

Kollejdan magistraturagacha poraxo‘rlik avj olgan - Bosh prokuratura

Tergovda aniqlanishicha, ushbu oliygoh prorektori A.A. 2019-2020 o‘quv yili uchun “Jismoniy madaniyat” imtihon komissiyasining mas’ul kotibi etib tayinlangan. 2019-yil iyul oyida o‘tkazilgan “Jismoniy madaniyat” fakultetiga kirish imtihonlari jarayonida komissiyaning boshqa a’zolari bilan jami 18 nafar abituriyentlarning imtihon natijalarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgan.

Natijada ushbu abituriyentlar oliy ta’lim muassasiga o‘qishga qabul qilingan.

Ta’kidlanishicha, Farg‘ona prokuraturasi tomonidan universitet prorektoriga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mansab soxtakorligi) bilan ayb e’lon qilingan.