Mahalla va oila: Mamatov yangi tashkil etilgan vazirlik haqida

Yangi vazirlik mahalla raislarining faoliyati samaradorligining oshishida va ularning o‘z vazifalarini to‘laqonli amalga oshirishlariga ko‘maklashadi.
Sputnik

TOShKENT, 2-mart — Sputnik. Prezident farmoni bilan tashkil etilgan yangi vazirlik xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahallalardagi obodonchilik ishlarini tashkil etish va hududlardagi jinoyatchilikni kamaytirishga hissa qo‘shadi. Bu haqda AOKAda matbuot anjumani o‘tkazildi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Shavkat Mirziyoyev yangi vazirlik tashkil etishni taklif qildi

Joriy yilning 2-mart kuni O‘zbekiston prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda endi faoliyat yurita boshlagan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Raxmat Mamatovning  ta’kidlashicha, endilikda mahalla raislari 5-yilga saylanib, ularga 3 nafar o‘rinbosarlar ham tayinlanadi. Mahalla raislari bir vaqtning o‘zida  viloyat hokimlarining o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritadi. Yangi qaror bilan mahalla raisining vakolati 3-yildan 5-yilgacha uzaytirilgan.

Profilaktika inspektori esa bundan buyon mahalla raisining huquq tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, mahalla ichki ishlar organlari bilan bir joyda, hamkorlikda faoliyat yuritadi.  

Bundan tashqari aholi muammolarini aniqlash, jamoatchilik nazorati va mahallalar mavqeyini oshirish, hududlardagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish vazifalari yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari vakolatiga kiradi.

Shuningdek, vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari hokim o‘rinbosari, Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i esa ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari hisoblanadi.

Ta’kilanishicha, ayni paytda mamlakatda 9121 ta fuqarolar yig‘inlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.