TOShKENT, 12 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Prezident mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini ta’kidladi.
Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘paygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.
Yig‘ilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tug‘ruqlar, ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi.
““Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu g‘oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og‘riqli holatlarni kamaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda mahallalarning o‘zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yig‘ini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qo‘shni mahalla yig‘inlari binolarida faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.
Mahalla tizimida kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bog‘liq bo‘lmagan ishlar, yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, bu borada sezilarli o‘zgarish bo‘lmayapti.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yo‘g‘i 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb o‘ylab ko‘rilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida mahalla tizimini o‘zgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirgan edi.
Videoselektor yig‘ilishida ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbari mahallalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish shartligini ta’kidladi. Ushbu ulkan sohaga mas’ul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi.
Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalarga mas’ul etib belgilanadi. Vazirning yana bir o‘rinbosari keksalarni ijtimoiy rag‘batlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shug‘ullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka ko‘maklashish masalalariga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.
Vazir – “Mahalla” jamg‘armasiga, vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasiga raislikni ham bajaradi.
Vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari hokim o‘rinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari darajasiga ko‘tariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.
Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qo‘mitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqeyi, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.