Shavkat Mirziyoyev shu haftada Turkiyaga boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi prezidentining taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari Turkiyaga tashrif buyuradi.
Sputnik

TOShKENT, 17 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari mazkur mamlakatda bo‘ladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga hamdardlik bildirdi

Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning holati va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi, Turkiya Respublikasi prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 25-26 oktabr kunlari Turkiyaga tashrif buyurgandi. Muzokaralar yakunida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolangandi.