TOShKENT, 16-yanvar - Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrov o‘zbekistonlik jurnalistning yangi maqomi haqidagi savoliga diplomatik tarzda hazilomuz javob berdi.
MGIMOning Toshkentdagi filialida chiqish qilganida, O‘zbekiston telekanallaridan birining bosh muharriri Lavrovga bugungi kunda eng ko‘p muhokama qilinayotgan ikkita savolni berdi: vazirning yangi maqomi va uning kelajagi, shuningdek, Moskva va Toshkentning O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralari haqida.
"Siz jurnalistmisiz?" - deb so‘radi Lavrov. "MGIMOga o‘qishga kiring. Mening vazifani bajaruvchi maqomim haqidagi savolingizga kelsak, shuni aytmoqchimanki, men MGIMOni tugatganimdan beri o‘z vazifamni halol va vijdonan bajarganman".
Lavrov O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar qanday bosqichda olib borilayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, yakuniy qarorni respublika prezidenti va parlamenti qabul qilishini ta’kidladi. Jurnalist Lavrov va Mirziyoyevning Toshkentdagi bugungi uchrashuvida nimani kelishib olganliklarini aniqlashtirishga harakat qilganida, rus diplomati tabassum bilan: "Aytapmanku: MGIMOga o‘qishga kiring", deya javob berdi.
Bir qator savol-javoblardan so‘ng, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Sergey Lavrovga "o‘z vazifasini yana uzoq yillar muvaffaqiyatli bajarishini" tilab qoldi. Tomoshabinlar bu so‘zlarni qarsaklar bilan kutib olishdi va rus diplomati jilmayib, e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.
15-16 yanvar kunlari Rossiya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. Tashrif davomida Lavrov o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar olib bordi va uni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qabul qildi.
Tomonlar iqtisodiyot, xavfsizlik, atom energetikasi va gumanitar hamkorlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.