Nukuslik o‘qituvchi firibgarning Nigeriyadagi hisobiga 165 mln o‘tkazdi

Firibgar o‘zbekistonlik bilan internet tarmog‘i orqali tanishgan va unga AQShdagi nufuzli kompaniyaga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Natijada fuqaroni 17 ming dollarga chuv tushirgan.
Sputnik

TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Nukuslik o‘qituvchi firibgarning Nigeriyadagi hisobiga 165 mln o‘tkazdi va firibgarning qurboniga aylandi.

Amerikaga borish orzusi qimmatga tushdi

IIVning “Postda.uz” nashrining xabar qilishicha, Nukus shahridagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan G.P. internet tarmog‘i orqali Mark Robert ismli shaxs bilan tanishib qoladi. Notanish shaxs unga AQShdagi nufuzli kompaniyaga ishga kiritib qo‘yishini aytib, ishonchiga kiradi.

Fuqaro iyun-avgust oylari mobaynida hujjatlar, viza, yo‘lkira va boshqa “xarajatlar” uchun jami 165 million 323 ming so‘m pul mablag‘ini xalqaro pul o‘tkazmalari orqali Nigeriya davlatidagi hisob raqamlariga o‘tkazib yuboradi. Ammo firibgar bergan va’dasining ustidan chiqmaydi.

Ayni paytda jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlash va ushlash choralari ko‘rilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.