TOShKENT, 14 dek - Sputnik. Bugun bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisda "Milliy gvardiya to‘g‘risida"gi qonun ko‘rib chiqildi va qabul qilindi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Qonun Milliy gvardiyaning maqomi, vakolatlari, vazifalari va funksiyalarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra Milliy gvardiya O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga ega bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organdir.
Belgilab qo‘yilishicha, Milliy gvardiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamkorlik qiladi. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar esa Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi shart.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarish majburiyligi nazarda tutilmoqda.
Milliy gvardiya faoliyati qonun bilan tartibga solinadi >>>
Milliy gvardiyaning tarkibi mustahkamlanmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning tarkibiga markaziy devon, hududiy boshqarmalar, harbiy tuzilmalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlar kiradi.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya bevosita O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir, Milliy gvardiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qo‘mondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qo‘mondoni maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ularning huquqiy maqomi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, qonun bilan qonun normalari talablaridan kelib chiqib, Jinoyat-protsessual kodeksga va "Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, qonun qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi o‘z xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbus bilan va moneliksiz bajarashini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.