Maktab, bog‘cha va harbiy qismlarda ovqatlanish ratsioniga quyon go‘shti qo‘shiladi

Shifoxona, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hamda harbiy qismlarda iste’mol qilinadigan mahsulotlar tarkibiga parhez va foydali quyon go‘shtini qo‘shish tashkil etilsin – deyilgan hujjatda.
Sputnik

TOShKENT, 13 dek – Sputnik.  Respublikada quyonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.

O‘zbekistonda go‘sht muammosini genetika va texnologiyalar hal qila oladi

Respublikada 2020-yilda quyonlar bosh sonlarini ko‘paytirishning prognoz parametrlari va 2020-yilda amalga oshiriladigan quyonchilik yo‘nalishidagi loyihalar tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Mudofaa vazirligi:

shifoxona va shifo maskanlari, maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasalari hamda harbiy qismlarda iste’mol qilinadigan mahsulotlar tarkibiga parhez va foydali quyon go‘shtini qo‘shishni tashkil etsin;

Moliya vazirligi davlat budjeti parametrlari doirasida ushbu muassasalarga go‘sht mahsulotlari uchun mablag‘lar ajratishda umumiy go‘sht miqdorining 10 foizigacha miqdorida quyon go‘shti uchun yo‘naltirsin;

“Naslli quyon yetishtiruvchilar” va “O‘zbekiston quyonchilik xo‘jaliklari” assotsiatsiyalari mazkur vazirliklar tizimidagi muassasa hamda tashkilotlarga o‘zaro shartnomalar asosida quyonchilik subyektlari tomonidan quyon go‘shti yetkazib berishda amaliy yordam ko‘rsatsin”, - deyilgan hujjatda.

O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishi sabablari ma’lum bo‘ldi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xonadonlarda quyon yetishtiruvchi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga quyon parvarishlash maqsadida sotib olinayotgan quyon uyalari(qafasi) va ozuqasi uchun bazaviy hisob-kitob summasining (BHS) o‘n barobari miqdorida vazirlik subsidiyalari ajratish mexanizmalarini 2020-yil 1-fevral sanasidan amaliyotga joriy qilish vazifalari hujjatda bayon etilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yirik savdo markazlari, markaziy dehqon bozorlari hamda aholi gavjum joylarda quyon go‘shti yetishtiruvchi subyektlarga mahsulotini sotish uchun shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.