Jahongir Artikxodjayev tadbirkorlarga qanday va’dalar berdi?

O‘z biznesini halol va pok yuritayotgan, qonunga itoatkor tadbirkorlarimiz faoliyati, kafolat bilan aytishimiz mumkinki, albatta shahar hokimligi tomonidan yuksak qadrlanadi, deyiladi Artikxodjayev murojaatida.
Sputnik

TOShKENT, 10 dek - Sputnik. Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev joriy yil 10 oy davomida Toshkent shahrida tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida hisobot berdi hamda yangi yilda tadbirkorlar uchun yaratilishi ko‘zda tutilayotgan yangiliklar bilan bo‘lishdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekistonda tadbirkor hukumat lavozimlarida ishlashi mumkinmi - partiyalar bahsi

Raqamlar va faktlar

Artikxodjevning so‘zlariga ko‘ra, shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi jarayonlarda poytaxtda tadbirkorlar soni ham ortib bormoqda. Xususan, Toshkent shahrida joriy yilning o‘tgan 10 oyida 16 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan, yil yakuniga qadar yana 8 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishi kutilmoqda.

Faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning 4 ming nafari o‘z faoliyatini 10 oy ichida qayta tiklagan.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan jami korxona va tashkilotlarning 88 foizi kichik tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi. Toshkent shahrining har 1000 nafar aholisiga 27 ta kichik korxona to‘g‘ri kelmoqda va ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62 foizga yetdi. 

Toshkent shahrida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 66 foizi kichik biznes tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Poytaxt tadbirkorlarini qaysi muammolar ko‘proq qiynamoqda?

Tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, Toshkent shahrida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi muammolarning 30-40 foizi yer yoki bino ajratish masalasi bilan bog‘liq. 

Mirziyoyev aholini tadbirkorlikka qiziqtira olmayotgan amaldorlarni qattiq ogohlantirdi

"Bu masala avvalo, bizning - hokimiyat vakillarining tadbirkorlarni rozi qilishdagi eng og‘riqli muammolarimizdan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda biz albatta ochiq, shaffof va adolatli yangi tizim yaratamiz. Buning uchun, qisqa muddatlarda Toshkent shahrining Bosh rejasini ishlab chiqib, tasdiqlanishini tezlashtirishimiz zarur. Bunda, birinchi navbatda shahrimizda yaratilgan istirohat bog‘lari va yashil hududlarni kelajak avlodga saqlab qolish, ularni buzilib, qurilish maydoniga aylanib ketishini oldini olish uchun barcha choralarni ko‘ramiz", - deydi Toshkent hokimi.

Hokim so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda bo‘sh yoki samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari va binolar negizida zamonaviy biznes uchun binolarni joylashtirish konsepsiyasini ishlab chiqib, konsepsiya asosida tadbirkorlar uchun binolarni tayyor holda qurib berish rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi daryo va kanallar atrofidagi yerlardan oqilona foydalanish maqsadida, loyihalar asosida tadbirkorlar uchun joylar ajratilishi va’da qilinmoqda.

Murojaatning asl maqsadi

"Ushbu murojaatimning asosiy maqsadi, bundan keyin tadbirkorlar uchun hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, Toshkent shahrida xalq deputatlari, shahar hokimi, barcha rahbarlar, hokimlar Sizlarga yaqindan ko‘makchi bo‘lishimiz, doimiy ravishda tadbirkorlar og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanib, tadbirkor uchun barcha yo‘llar ochiqligini Sizlarga yetkazishdan iborat", - deyiladi murojaat matnida.

Tadbirkorlik sohasidagi islohotlar bajarilishini bosh vazir nazorat qiladi

Ta’kidlanishicha, hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga murojaat qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa vositalarini tadbirkorlarga e’lon qilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni istalgan vaqtda ularga bevosita murojaat qilib, tadbirkorlik sohasida uchrayotgan to‘siqlar, muammolar va takliflaringizni mutasaddi rahbarlarga yetkazish sharoitlari yaratiladi.

Hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish bilan shug‘ullanishadi.

"Bir narsani yodda tuting, o‘z biznesini halol va pok yuritayotgan, qonunga itoatkor tadbirkorlarimiz kafolat bilan aytishimiz mumkinki, albatta shahar hokimligi tomonidan yuksak qadrlanadi. Tadbirkor sifatida Vatanimiz ravnaqi, halqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan mashaqqatli mehnatingizga muvaffaqqiyatlar tilaymiz!", deb o‘z murojaatini yakunlagan Toshkent hokimi.