Hindiston O‘zbekistonga Afg‘oniston uchun mutaxassislar tayyorlashda yordam beradi

Gap Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini tayyorlash bo‘yicha Ta’lim markazi bazasida Afg‘oniston uchun milliy kadrlarni tayyorlash haqida bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Dehli shahrida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hindiston bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Pankaj Saran bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Muzokaralarda Hindiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Vijay Thakur Singh va TIV departamenti direktori Dipak Mittal ham ishtirok etishdi.

Uchrashuvlar chog‘ida ikki mamlakatning afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlari, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash yo‘llari, shuningdek, ushbu mamlakatda turli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston afg‘on ayollarini qo‘llab-quvvatlaydi

Qayd etilishicha, Hindiston O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan rivojlantirish borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Suhbatdoshlar so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston afg‘on muammosini hal qilishda muhim rol o‘ynamoqda va bunda avvalo Afg‘oniston xalqi manfaatlarini ilgari surmoqda.

Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini tayyorlash bo‘yicha Ta’lim markazi bazasida Afg‘oniston uchun milliy kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Hindiston ushbu Markazda Afg‘onistonda eng ko‘p talab etilayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ma’lumot va va malakali mutaxassis bo‘lish istagidagi 147 nafar afg‘onistonlik yoshlar O‘zbekistonga tashrif buyurgani xabar qilingan edi.