TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Abdulaziz Kamilov “Afg‘on ayollarining iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘qish va tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlash” dasturining ochilish marosimida ishtirok etdi.
TIV xabarida qayd etilishicha, vazir Yevropa Ittifoqining afg‘on ayollarini qishloq xo‘jaligi, amaliy fanlar va tog‘-kon sanoatiga o‘qitish dasturi ularni mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotiga jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini ta’kidlagan.
Abdulaziz Kamilov ushbu sohadagi qator Yevropa Ittifoqi loyihalari, jumladan, Termiz shahridagi Ta’lim markazida afg‘on talabalarini, shu jumladan ayollarni o‘qitish bo‘yicha “YeI-O‘zbekiston-Afg‘oniston" uch tomonlama shakldagi hamkorlik istiqbollarini qayd etdi.
Bu esa Afg‘oniston uchun yuqori malakali mutaxassislar bazasini yaratish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shishi qo‘shimcha qilingan.