TOShKENT, 21 noya – Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi "O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasini tayyorladi.
Hujjat loyihasiga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi hamda yo‘l xaritasi ilova qilingan.
Loyihada yozilishicha, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash siyosatining asosiy vazifalari:
- xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar tomonidan O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan, zamonaviy demokratik huquqiy davlat sifatida yaxlit va ijobiy qabul qilinishini kuchaytirish;
- siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda davom etayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlarni davom ettirish, respublikaning investorlar va ishbilarmon sheriklar uchun jozibadorligini kuchaytirish, jahon miqyosida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlash, O‘zbekiston manfaatlariga mos keladigan muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun eng qulay sharoitlarni shakllantirish;
- xalqaro maydonda O‘zbekistonning jozibali milliy brendini shakllantirish va mustahkamlash orqali mintaqaviy va global bozorlarda mahalliy tovarlar va xizmatlar eksportini ilgari surish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va uning jahon hamjamiyatida ijobiy qabul qilinishini kengaytirish orqali milliy suverenitet, barqarorlik va xavfsizlikni kuchaytirish.
- O‘zbekistonni Osiyoning yetakchi ishbilarmonlik, madaniy va turizm markazlari safiga kiritish.
“Konsepsiya va yo‘l xaritasining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Konsepsiya va Yo‘l xaritasining bajarilishini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti va qonunchilik bilan ta’qiqlanmagan budjetdan tashqari manbalar hisobidan amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjatda.