TOShKENT, 16 noya - Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlisga bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Deputatlikka nomzodlar beshta siyosiy partiyani taqdim etmoqda: bular O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDep), O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi (O‘XDP), "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya vakillaridir.
"Har bir partiyadan 150 nafardan ro‘yxatga olingan jami 750 nomzodning barchasi oliy ma’lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu 2014-yilning dekabrida o‘tgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko‘pdir", - deb qayd etilgan xabarda.
Nomzodlar orasida huquqshunoslar - 6,9, iqtisodchilar – 19,1, shifokorlar – 12,4 fozini tashkil etadi. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi.
Nomzodlar safida navqiron avlod vakillari sezilarli darajada ko‘paygan: 25-40 yoshdagilar 32,2 %ni tashkil qiladi.
Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi. Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi bilan saylov jarayonining yangi, yanada muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi 2019-yil 22-dekabrni - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgilagan. Saylov kampaniyasi 20-sentabrdan boshlanishi e’lon qilingan edi.