TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Bu safar Rossiyada O‘zbekiston parlament saylovlari oldingilarga nisbatan bir necha barobar keng qamrovli bo‘ladi, dedi Moskvadagi O‘zbekiston Bosh konsuli Mexriddin Xayriddinov O‘zbekiston Oliy Majlis sayloviga bag‘ishlangan uchrashuvda, Sputnik muxbiri xabariga asosan.
Uchrashuv "Yosh parlamentariylar assotsiatsiyasi" tomonidan tashkil qilingan bo‘lib u Moskva Musulmonlar boshqarmasiga qarashli "DAR" - madaniy markazida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda assotsiatsiya rahbari Kristina Tatarnikova boshlovchilik qildi.
O‘tgan saylovda Moskvada 5 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ovoz berishgan bo‘lsa, bu safar saylovchilar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda, - deydi Bosh konsul.
Birinchidan, bu Rossiya hududida saylov uchastkalari soni oshishi bilan bog‘liq. Bu safargi saylovlarda Rossiyaning turli hududlarida 7ta saylov uchastkasi ochiladi: Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kazan, Yekaterinburg, Rostov-na-Donu va Vladivostok shaharlarida.
Ikkinchidan, ushbu saylovlarda doimiy konsullik ro‘yxatida turmagan, Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham ovoz berish imkoniga ega bo‘lishadi. Ma’lumki, ana shunday fuqarolar soni Rossiyada juda ko‘p. Buning uchun fuqarolar saylovdan 15 kun oldin http://saylov.mfa.uz/ sahifasida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi xolos.
Shuningdek, saylov komissiyasi tomonidan Moskva va Moskva viloyatida O‘zbekiston fuqarolarining katta guruhi ishlaydigan yoki o‘qiydigan korxona va muassasalarda ko‘chma saylov qutilari ham tashkil qilinishi mumkin. Bu borada O‘zbekiston konsulxonasi tomonidan yirik qurilish tashkilotlari va o‘quv muassasalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Aytish joizki ayni damda Rossiyada jami 30 mingdan ortiq O‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda.
Saylov davomida O‘zbekistonda yashaydigan boshqa millatlar uchun ushbu saylovda qanday sharoitlar yaratilgani haqidagi savolga Bosh konsul quyidagicha javob berdi.
O‘zbekiston ko‘p millatli respublika, shuning uchun ayrim hududlarda o‘zbek tilidan boshqa tilda ham saylov bulletenlari chop etilishi mumkin. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ma’lum bir saylov okrugida saylovchilar orasida alohida millat vakillari ko‘pchillikni tashkil etsa, ushbu okrug saylov komissiyasi arizasiga binoan saylov bulletenlari ularga qulay bo‘lgan tilda chop etiladi. Bugungi kunda shuni aniq aytish mumkinki, ushbu parlament saylovida o‘zbek, rus va qoraqalpoq tilida chop etilgan bulletenlardan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Viloyat va tuman mahalliy kengashlari deputatlari saylovi 2019-yilning 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov uchastkalari soat 08:00 dan 20:00ga qadar ishlaydi.
Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun 50ta davlat hududida joylashgan O‘zbekiston vakolatxonalarida saylov uchastkalari ochiladi. Moskvada saylovchilar 1-Kazachiy kichik ko‘chasi 11/2 manzilida joylashgan O‘zbekiston konsulxonasida ovoz berishlari mumkin.