TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Toshkent shahar IIBB futbol muxlislaridan avtomobillarni “Paxtakor” stadioni atrofidagi yo‘llar chetida emas (Islom Karimov, Olmazor va Navoiy ko‘chalari), balki “Humo Arena” muz kompleksining avtoturargohida qoldirishlarini so‘rab murojaat qildi.
Shuningdek, o‘yinga ilgariroq kelib, futbol muxlislari uchun maxsus ajratilgan avtoturargohdan mashinaga joy egallab olish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 14-noyabr kuni soat 17.00 da “Paxtakor” stadionida Jahon chempionati-2022 saralash bosqichining navbatdagi o‘yini – O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvni yaponiyalik hakamlar boshqaradi.
O‘zbekiston Jahon chempionati-2022 saralash bosqichining “D” guruhidan o‘rin olgan. Guruhda O‘zbekiston terma jamoasiga Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman hamda Singapur termalari raqiblik qiladi.