TOShKENT, 25 okt – Sputnik. Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, chet ellardan xorijiy valyutadagi tushumning kelib tushishi muddatlarini kechiktirishga yo‘l qo‘ygan eksportorlar, shuningdek, tovarlarning respublikaga olib kirilishini va ularning “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirilishini, ishlar va xizmatlar ko‘rsatishni belgilangan muddatlarda ta’minlamagan importorlar tomonidan jarimalar to‘lashda ayrim imtiyozlar belgilandi.
Jumladan, valyuta mablag‘larining kelib tushishi yoki respublikaga tovarlarni olib kirish hamda “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish:
- agar jarimani qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish paytiga kelib ta’minlangan bo‘lsa – jarima qo‘llanilmaydi;
- agar sudning jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini ijro etish paytiga kelib ta’minlangan bo‘lsa – qo‘llanilgan jarima to‘lanmaydi;
- agar jarima qo‘llanilgandan keyin 90 kunlik muddat ichida ta’minlangan bo‘lsa – to‘langan jarima Davlat budjetidan qaytarib berilishi lozim.