Men “katta aka” emas, “katta quloqman” - sun’iy ong bo‘yicha mutaxassis

Internetda shaxsiy ma’lumotlarni kim va nima uchun to‘playdi – sun’iy ong bo‘yicha mutaxassis eng zamonaviy axborot texnologiyalari haqida hikoya qilib berdi.
Sputnik

TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Biz telefon va noutbuk kamerasini yopib qo‘y, ehtiyot bo‘l o‘zing haqida hamma narsani oshkor qilaverma, bizni “katta aka” (bolshoy brat) kuzatayapti, degan gaplarni ko‘p eshitganmiz.

- Men “Katta aka” emas, “katta quloqman”, hech kimni ataylab kuzatmayman, men faqat siz o‘zingiz ochiq manbaalarda, ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplaringizni eshitib siz haqingizda xulosa chiqaraman, - deydi Rossiyada "sun’iy ong" bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri Artur Xachuyan.

Xachuyan, dastlab, internetda kimlar va qanday maqsadlarda odamlar haqida shaxsiy axborot va boshqa ma’lumotlarni to‘playotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda odamlar haqida batafsil ma’lumot to‘plovchi eng yirik vosita bu – ijtimoiy tarmoqlardir. Masalan, Facebook, Instagram va boshqalar.  Ular barcha foydalanuvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlari haqida batafsil ma’lumot jamlab, uni biznes vakillariga sotadi. Bo‘lmasa kimga kerak sizning plyajda, o‘rmonda yoki itingiz yonida tushgan fotosuratlaringiz? Axir million-million gigabayt ma’lumotlarni saqlash uchun qancha server, infratuzilma kerak. Bularning hammasiga ulkan malag‘lar sarflanadi, - deydi mutaxassis.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Facebook’da soxta profillarni aniqladi

Ikkinchi yirik axborot to‘plovchi bu davlat bo‘ladi – davlat tomonidan axborot to‘plash, birinchi navbatda, xavfsizlik muammolarini hal qilsa, undan so‘ng - jinoyatchilik bilan kurash, soliq va turli to‘lovlarni o‘z vaqtida yig‘ib olishni ta’minlash va ijtimoiy yordamni kerakli fuqaroga yetkazib berish kabi maqsadlarda amalga oshiriladi. Ikkinchidan, davlatning o‘zida ham biz haqimizda juda ko‘p ma’lumot bor. Masalan, palonchi 5yildan beri aliment yoki soliq to‘lamaydi, lekin qandaydir yo‘l bilan u yangi mashina sotib olgan yoki xorijga dam olishga otlanmoqda. Davlat bunday ma’lumotdan qanday foydalanishni bilishi kerak.  

Uchinchi toifa axborot yig‘uvchilar – bular xakeralar. Darrov xavotirga tushmang, aksariyat hollarda ularni oddiy odamlar qiziqtirmaydi. Ular ko‘pincha yirik siyosatchilar yoki biznesmenlar, shuningdek shou yulduzlarining hayotni kuzatib turli ma’lumotlarni yig‘ib borishadi. Ba’zan bunday faoliyat raqib tomon buyurtmasi asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Jamlangan ma’lumotlar shantaj, o‘g‘irlik va boshqa g‘arazli maqsadlarda ishlatilishi mumkin.

Jamlangan ma’lumotdan qanday foydalaniladi

Tasavvur qilingki, qo‘lingizda butun Rossiya aholisi haqida ulkan hajmda ma’lumot jamlangan, xo‘sh uni nima qilish mumkin? Birinchidan – chakana savdo, marketing yoki reklama kompaniyalariga sotish mumkin. Ikkinchidan – uni tahlil qilib tahlil natijalarini sotish mumkin. Buning uchun bizga “Sun’iy ong” kerak bo‘ladi.

Mahkumlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalar asosida bilim oladi

Bugungi kunda “Sun’iy ong” tushunchasi matbuotda tez-tez tilga olinmoqda. Aslida u bir yoki bir necha algoritmlar majmuasidir xolos. Sun’iy ong ommaviy tadbirlar o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash uchun katta yordam bermoqda. Masalan, 2018-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida Rossiya  xavfsizlik xizmatlari “Sun’iy ong”dan unumli foydalanishdi. O‘zining agressiv “o‘tmishi” bilan mashhur bo‘lgan ko‘plab futbol muxlislariga bilet sotish bosqichidayoq rad javobi berildi. Ikkinchidan, futboldan so‘ng muxlislar jamlanadigan joylar prognoz qilinib, u yerlarda kerakli xavfsizlik choralari ko‘rildi.

Sun’iy ong bilan birga “Skoring” tushunchasi ham kirib kelmoqda. Skoring deganda, insonning so‘ngi bir necha yildagi faoliyati - o‘zini tutishi, soliq va jarima, qarzlarni vaqtida to‘lashi, sudlanganligi, katta va kichik bezorilik yoki avtobusda biletsiz yurish kabi barcha faktlar qayd etib boriladi. Kerak bo‘lganda, masalan, u bankka kredit olish uchun murojaat qilsa, skoring tizimi bir soniyada kredit berish yoki bermaslikni hal qiladi. Aytishlaricha Xitoyda ana shunday tizim bir necha yildan beri ishlab turibdi. U yerda skoring tizimi mamlakat ichida o‘zini “yaxshi tutmagan” fuqarolarga xorijga chiqish pasporti bermas ekan.

Sun’iy ong 48 soat ichida ssenariy yozib film suratga oldi

Umuman sun’iy ongni joriy etish bo‘yicha Xitoy dunyoda birinchilardan bo‘lgan desak xato bo‘lmaydi. U yerda iqtisod va ijtimoiy hayotning barcha sohalari raqamlashtirish 15-yil oldin boshlangan va ushbu sohaga ulkan sarmoyalar kiritilgan.

Ha aytmoqchi, biz yaqinda sun’iy ongdan foydalanishning yana bir muvaffaqiyatli uslubini topdik. Tajriba tariqasida onlayn nikoh agentligi tashkil qildik. U yerda sun’iy ong yordamida bir biriga mos keladigan juftliklarni tanladik. Bu ishda bizga 10dan ortiq professional ruhshunoslar va boshqa mutaxasislar yordam berishdi. Natijada sun’iy ong yordamida tanlangan 100ta juftlikdan 87ta juftlik bir biriga mos tushdi. Albatta, sun’iy ong sizning yuragingizga sevgi tuyg‘usini joylab qo‘ya olmaydi, lekin millionlab odamlar orasida aynan sizga imkon qadar ko‘proq xususiyatlari bilan mos keladigan kishini tanlab berishi mumkin.

Umuman olganda, agar o‘zingiz qonunga zid ish qilmayotgan bo‘lsangiz, sun’iy ongdan yoki kimdir siz haqingzda axborot to‘plashidan qo‘rqmasa ham bo‘ladi, chunki aksariyat hollarda ular aynan sizga mos keladigan mahsulot va xizmatlarni taklif qilmoqchi xolos, deb xulosa qildi mutaxassis.