TOShKENT, 1 okt - Sputnik. Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bugundan - 1-oktabrdan – ishga tushdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Yangi tizim chet elda ishlab turib, murakkab vaziyatga tushib qolgan respublika fuqarolariga yordam berishi kutilmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbar o‘rinbosari Baxtiyor Tursunov so‘zlariga qaraganda, bu tizim mehnat migratsiyasidagi tadqiqotlarni yanada sifatli o‘tkazilishiga imkon yaratadi.
Respublikada ilgari mehnat migrantlari statistikasi bo‘yicha avtomatik tahlil o‘tkazilmas edi. Ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni alohida muassasa va xizmatlar yig‘ib borardi. Qayd etish kerakki, mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi ushbu ma’lumotlardan faqat xizmat doirasida foydalanish uchun qo‘llanish mumkin edi.
Endilikda, mazkur yangi tizimda ro‘yxatga olingan, xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan mehnat migrantlari distansion shaklda (internet orqali-tahr.) agentlikka - Labor-migration dasturi orqali yordam uchun murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi”, - deydi Tursunov.
Ma’lum qilinishicha, xorijda ishlashga istak bildirgan fuqarolarga onlayn-rejimda - tanlangan mamlakat qonun-qoidalari, mehnat, ijtimoiy va maishiy shart-sharoitlar, uy-joy bilan ta’minlashga doir hamda xorijiy ish beruvchi bilan mehnat shartnomalarini tuzish, ushbu davlat qonunchiligida nazarda tutilgan moliyaviy ko‘mak choralari borasida ma’lumotlar berib boriladi.
"Davlat ushbu bazadan foydalanish hisobiga qo‘shimcha soliqlarni qo‘lga kiritadi, zero, migrantlar endilikda “rasmiy” ishchi kuchi toifasiga kiritiladi”, - deya mulohaza qiladi, Central Asia Investments tahlilchisi Ilxat Tushev.
Migrantlarning yagona bazasi O‘zbekiston prezidentining avgustda imzolagan xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan mamlakat fuqarolarining himoyasi bilan bog‘liq kafolatlarni oshirishga yo‘naltirilgan farmoniga muvofiq yaratildi.
Ushbu farmonda “Mehnatning yagona milliy tizimi” axborot tizimida saqlanayotgan tashqi mehnat migratsiyasiga doir ma’lumotlarni saqlovchi Labor-migration dasturining ishga tushirilishi belgilangandi.