Sankt-Peterburg-Namangan reysi Samaraga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi

Uchuvchilar bortdagi yo‘lovchi ayolning tobi kutilmaganda qochib qolgani sababli samolyotni favqulodda qo‘ndirishga majbur bo‘lishgan.
Sputnik

TOShKENT, 23 sen - Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan  O‘zbekistonning Namangan shahriga parvozni amalga oshirayotgan samolyot Samarada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.

Rossiyada samolyot favqulodda qo‘ndi: 233 kishining hayoti saqlab qolindi

Qayd etilishicha, uchuvchilar yo‘lovchilardan birining tobi qochib qolgani sabab qo‘nishga majbur bo‘lishgan. U6 2509 reysi Kurumoch xalqaro aeroportiga favqulodda qo‘ngan.

“Favqulodda qo‘nishning sababi – samolyot bortida bo‘lgan 1988-yilda tug‘ilgan, gipertoniya (qon bosimining oshib ketishi) xastaligidan aziyat chekuvchi O‘zbekiston fuqarosining ahvoli yomonlashgani”, - deyiladi xabarda.

Yo‘lovchi ayolga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilgan va zudlik bilan shahar kasalxonalaridan biriga yotqizilgan.

Xabarda favqulodda qo‘ngan samolyot parvozni davom ettirish uchun uchib ketganligi qo‘shimcha qilingan.