TOShKENT, 6 sen - Sputnik. Vladimir Putin 2001-yilda AQSh Jorj Bushni AQSh hududida teraktlar tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu haqda RIA Novosti AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Jorj Bibining kitobiga tayangan holda xabar qildi.
Bibi “Rossiya tuzog‘i: Rossiya bilan xufiyona urushimiz qanday qilib yadro falokatiga aylanishi mumkin” deb nomlangan kitobida ta’kidlashicha, Putin 11-sentabrdagi teraktlardan 2 kun ilgari amerikalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilib, “rus razvedkasi Afg‘onistondan taralayotgan, “anchadan beri tayyorgarlik ko‘rilgan” terrorchilik kampaniyasi alomatlarini qayd qilganini ma’lum qilgan.
Sobiq tahlilchi Putin 11-sentabrdagi teraktlardan keyin AQShni qo‘llab-quvvatlash uchun Bushga qo‘ng‘iroq qilgan birinchi xorijiy yetakchi bo‘lganini eslatib o‘tgan.
Bibining kitobi AQShda joriy haftada dunyo yuzini ko‘rdi. Uning muallifi MRBning Rossiya bilan shug‘ullangan tahliliy bo‘linmasiga rahbarlik qilgan, hozirda esa Vashingtondagi Milliy manfaatlar markazi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritadi.
Kreml saytining yangiliklar arxivida 2001-yil 10-sentabrda Putin va Bush o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgani haqidagi xabar mavjud. Ta’kidlanishicha, qo‘ng‘iroq AQSh tashabbusi bilan amalga oshirilgan, unda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga hamda ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralarga tayyorgarlik ishlari muhokama qilingan. Shu bilan birga, ikki prezident harbiy-siyosiy, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi aloqalar jadallashib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgani ma’lum qilingan.