TOShKENT, 24 avg – Sputnik. Termizda “O‘zbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ nomli xalqaro arxeologik forum doirasida ertaga Oks Iskandariyasi Kampirtepada joylashgani butun jahonga e’lon qilinishi ma’lum qilindi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
Forum doirasidagi eng muhim tadbirlardan biri Kampirtepa shahriga rasman port shahar maqomi berilishi bo‘ladi.
“Ertaga butun dunyoga Kampirtepa Oks Iskandariyasi ekanligini rasman e’lon qilamiz”, - dedi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Kampirtepaga olib boruvchi yo‘llarda bu yer Oks Iskandariyasi ekanligini bildiruvchi belgilar o‘rnatib chiqilgan. Ushbu kashfiyot Surxondaryoda turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Akademik Edvard Rtveladze boshchiligidagi bir guruh olimlar qadimiy grek tarixchisi va geografi Ptolemey asarlarida yodga olingan va ellinistik madaniyatning Markaziy Osiyodagi g‘aroyib yodgorligi sanalgan afsonaviy Oks Iskandariyasi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashganligini isbotladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Edvar Rtveladze rahbarligida Kampirtepada olib borilgan tadqiqotlar natijasi ─ Oks Iskandariyasi haqida hali hech kimga ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlar bayon qilinishi haqida xabar qilgan edik.