TOShKENT, 21 avg – Sputnik. “Davlat boji stavkalariga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Loyihada Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandi “b” kichik bandi quyidagi mazmundagi izoh bilan to‘ldirish nazarda tutilgan:
“Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14 sentabrdagi PQ–694-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq uy-joy bilan ta’minlangan harbiy xizmatchilardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji undirilmaydi”.
Loyiha 5-sentabrgacha muhokama qilinadi.