Markaziy bank eski namunadagi banknot va tangalarni muomaladan qaytarib oladi

Eski namunadagi tangalar va banknotlar 2019-yil 1-dekabrdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Sputnik

TOShKENT, 8 avg – Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalar va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom" loyihasi tayyorlandi.

Yangi 100 ming so‘mlik banknot qachondan chiqishi ma’lum bo‘ldi - foto

O‘zbekiston Respublikasida muomalaga chiqarilgan 1994-yil namunasidagi 1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1997-yil namunasidagi 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 1999-yil namunasidagi 5 so‘m, 25 so‘m, 2000-yil namunasidagi 1 so‘m, 10 so‘m, 2001-yil namunasidagi 5 so‘m, 10 so‘mlik tangalar, shuningdek 1994-yil namunasidagi 1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘mlik banknotlar:

- 2006-yildan buyon zarb qilinmayotganligi va bosib chiqarilmayotganligini;

- bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi o‘rtasida, jumladan chakana savdo va aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida, naqd puldagi hisob-kitoblar va to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayotganligini;

- tovar va xizmatlarning amaldagi narxlari darajasini hisobga olgan holda hamda muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini ixchamlashtirish maqsadida mazkur nizom ishlab chiqilgan.

Mazkur eski namunadagi tangalar va banknotlar 2019-yil 1-dekabrdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha belgilanadi.

Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari  Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari mijozlari va aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlar belgilangan muddatga (2019 yil 1-dekabrga) qadar:

Eski namunadagi banknotlar va tangalar almashtirib beriladi – Markaziy bank

- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilinishi;

- kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilinishi;

- bank plastik kartochka hisobvaraqlariga o‘tkazib berilishi;

- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berilishi mumkin.

2019 yil 1-dekabrdan boshlab (2019 yil 1-dekabrdan – 2021-yil 1-yanvarga qadar) qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan eski namunadagi tangalar va banknotlar faqat MBBB Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.   

Tijorat banklari filiallarida eski namunadagi tangalar va banknotlarni sanab-saralash, qimmatliklarni tashish ishlari Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnoma talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Loyiha 23-avgustgacha muhokama qilinadi.