TOShKENT, 05 avg – Sputnik. Sibirdagi o‘rmon yong‘inlariga olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish sabab bo‘lgan. Bu haqda RIA Novosti Rossiya FVV rahbari o‘rinbosari Igor Kobzev so‘zlariga asoslanib xabar qilmoqda
Qayd etilishicha, yong‘inlarning aksariyati yo‘l yaqinida sodir bo‘lgan.
FVV ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada kuzatilgan quruq chaqmoqlar yong‘in chiqishining asosiy sababi bo‘lmagan.
Rossiyaning Sibir o‘lkasida kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda. Ushbu munosabat bilan Rossiyaning qator hududlarida favqulodda holat joriy qilingan. Hozirda o‘rmon yong‘inlarining umumiy maydoni 2,8 million gektardan ziyodni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Sibirdagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda yordam taklif qilgani xabar qilingan edi.