Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning portfeli jami 5,2 milliard dollardan ortgan.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Muller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Jahon Banki Farg‘ona vodiysi tadbirkorlariga 200 million $ kredit beradi

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bank-moliya sektori va davlat korxonalarini isloh qilish, ta’lim, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Siril Muller Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Devid Melpassning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bank O‘zbekistonda ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning sur’ati va natijadorligini yuksak baholayotgani qayd etildi.

Jahon banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan "Islohotlar yo‘l xaritasi" bu nima?

Siril Muller mamlakat va butun mintaqaning barqaror taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida Jahon bankining intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning portfeli jami 5,2 milliard dollardan ortgan. Joriy yilning o‘zida Jahon banki 850 million dollardan ziyod bo‘lgan hamda tadbirkorlik, maktabgacha ta’limni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan yangi kreditlarni ma’qulladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, "Obod qishloq" dasturini birgalikda moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihalar ishlab chiqilmoqda.