O‘zbekiston turistlar oqimini 10 million kishigacha oshirmoqchi

Joriy yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 6,4-6,5 million kishini tashkil etishi kutilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning yangi dasturi ishlab chiqildi, boshqa mamlakatlardan keladigan mehmonlar oqimi 10 million kishiga ortishi mumkin. Respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDHga a’zo davlatlar turizm bo‘yicha kengashi va uning doirasida o‘tkazilgan Birinchi turistik yarmarka yakunlari bilan tanishib chiqqach tegishli topshiriqlarni bergan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduxakimov ma’lum qildi.

Turizm xizmatlari eksporti 1 milliard dollardan oshdi – Akkulov

Tadbir Samarqandda 10-11 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi, unda turistik soha rivojlanishini tartibga soluvchi idoralar xodimlari, shuningdek, turistik biznes vakillari va ta’lim sektori vakillari - ushbu soha uchun kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi 11 OTM rektorlari ishtirok etdilar.

Aziz Abduhakimov o‘n million turist - erishsa bo‘ladigan raqamlar ekanini aytdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri. Qayd etilishicha, joriy yil yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 6,4-6,5 million kishini tashkil qiladi.

"Biz ko‘proq ziyorat-turizm, agro-turizm, etno-turizm ustida ishlashimiz kerak — mana shular mamlakatga ko‘proq mehmonlarni jalb etadi. Keyingi yo‘nalish — O‘zbekistonga yo‘l ochish uchun logistika bilan bog‘liq masalalarni hal qilishimiz kerak. Biz qit’a o‘rtasida joylashganmiz, aviachiptalar juda qimmat, milliy aviatashuvchimiz monopoliyasi mavjud. Biz bu yerda aql bilan ish tutmog‘imiz lozim, toki milliy aviakompaniya bozorda ustuvorlikka ega bo‘lsin, shu bilan birga erkin raqobat bo‘lsin va chet el aviakompaniyalari o‘zbek bozoriga to‘siqlarsiz kirib kelsinlar", - dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Apresan: turizmni rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish kerak

Bundan tashqari ko‘proq mehmonxonalar qurish lozim. Hozirda tadbirkorlarga imtiyozlar taklif etishmoqda - misol uchun kompensatsiyalar: uch yulduzli mehmonxonaning bitta nomeri uchun - 40 million so‘m, 65 million esa to‘rt yulduzli mehmonxona nomeri uchun.

"Bu imtiyoz ish berishni boshladi. Bugungi kunda o‘nta mehmonxonadan ariza kelib tushgan, biz ularning barchasini qoplab beramiz. Yana o‘ttiztasi tayyorgarlik ko‘rmoqda", - dedi Abduxakimov.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda xostellar faoliyatiga talablar soddalashtirildi, shu tufayli xostellar soni birdaniga "qo‘ziqorin"dek ko‘paydi. Shuningdek, Airbnb tizimi joriy etilgan bo‘lib, shu tufayli, ma’lum talablarni bajargach mehmonlarni mamlakatning har bir fuqarosi qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.