TOShKENT, 2-iyul - Sputnik. Energetika vaziri o‘rinbosari, "O‘zatom" agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 1-2 iyul kunlari Vena shahriga tashrif uyushtirdi, deb xabar qildi TIV matbuot-xizmati.
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori o‘rinbosari, garovlar departamenti direktori Massimo Aparo, yadro energiyasi bo‘yicha divizion direktori Xan Doxi, yadro infratuzilmasini rivojlantirish seksiyasi rahbari Milko Kovachev va agentlikning boshqa tarkibiy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda yadro infratuzilmasi tarmog‘i rivojlanayotgan bir vaqtda mamlakatning MAGATE bilan hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilingan. O‘zbekiston tomoni milliy yadro-energetik dasturning rivojlanish holati, xususan, birinchi AES qurilishi loyihasini amalga oshirish, kadrlarni tayyorlash, shuningdek, normativ-huquqiy bazani rivojlanishi haqida ma’lumotlarni taqdim etgan.
O‘zbekiston tomoni AESni joylashtirish uchun o‘tkazgan muhandislik qidiruv ishlari, atom energiyasi sohasida davlat boshqaruv organlari va ularni rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik asoslarini takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlarga alohida to‘xtalgan.
Xabarda aytilishicha, muntazam muloqot va axborot bilan o‘z vaqtida almashib turish maqsadida, Avstriyadagi O‘zbekiston elchixonasi tuzilmasiga MAGATE bilan hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan diplomat lavozimi kiritilgan.
O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakuniga ko‘ra, milliy yadro-energetika dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan va professional kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qator tadbirlar bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari, "O‘zatom" agentligi Avstriyadagi O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda 2019-yilning sentabrida o‘tkaziladigan 63-MAGATE Bosh anjumani doirasida alohida xalqaro tadbir (side event)ni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlanishi rejalashtirilgan.