MB ayrim banklar man etilgan komission haqlarni undirganini aniqladi

MB agar fuqarolarda bunday to‘lovlarni banklar tomonidan undirilganlik holatlari mavjud bo‘lsa, qaytarish talabi bilan xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat etishni maslahat berdi
Sputnik

TOShKENT, 29-iyun - Sputnik. Markaziy bank joriy yil birinchi kvartalda 20 ta tijorat bankining 212 ta filialida mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek bankka to‘langan komission to‘lovlarni o‘rgandi va o‘rganish natijalariga ko‘ra, banklar tomonidan mijozlardan qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan komission haqlar undirish amaliyoti aniqlandi.

Budjet ishchilarining maoshi to‘liq plastik kartaga o‘tkaziladi - MB

Shunga ko‘ra, barcha tijorat banklariga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shartlarini to‘liq xatlovdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazish va mijozlarga asossiz ravishda undirilgan komission to‘lovlarni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Qonun hujjatlariga muvofiq tijorat banklari mijozlardan quyidagilar uchun to‘lov undirish huquqiga ega emas:

a) mijozning bank hisobvarag‘iga kelib tushgan mablag‘larni kirim qilish (kredit aylanmasi uchun), shuningdek kredit burosi va garov reyestri xizmatlari uchun to‘lovlar;

b) 2018-yil 24-martdan boshlab: 

kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish (shu jumladan, kreditni tashkil etish uchun to‘lanadigan komissiyalar), ssuda hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish (shu jumladan, kredit buyicha hisoblanadigan foizlardan tashqari, har oyda to‘lanadigan komission to‘lovlar, kreditga xizmat ko‘rsatish uchun to‘lanadigan komissiyalar), kreditlar ajratish uchun (berilayotgan kredit summasidan to‘lanadigan bir martalik komissiya) amalga oshiriladigan to‘lovlar;

Bank tizimini yil oxiriga qadar 3ta muhim yangilik kutmoqda - MB

- jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan oldin qaytarilganligi uchun to‘lanadigan neustoykalar.

MB shu munosabat bilan iste’molchilarda yuqorida qayd etilgan to‘lovlarni banklar tomonidan undirilganlik holatlari mavjud bo‘lsa, uni qaytarish talabi bilan xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat etishni maslahat bergan. Shuningdek, iste’molchi o‘z shartnomasidagi yuqorida qayd etilgan to‘lov turlarini bekor qilishni xizmat ko‘rsatuvchi bankdan talab qilish huquqiga egaligini eslatgan.

"Banklar tomonidan noqonuniy undirilgan komissiyalarni qaytarish hamda shartnomadagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan shartlarni bekor qilish borasida muammolarga duch kelsangiz, u holda Siz Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona "Ishonch telefoni" orqali murojaat etishingiz mumkin", - deyiladi MB xabarida.