TOShKENT, 25-iyun - Sputnik. Joriy yilning 24-iyun kuni Rossiya poytaxti Moskva shahri meriyasi va Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida pavilonni va unga tegishli yer maydonini ijaraga olish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, o‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston pavilonini qayta ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Qayta ta’mirlash ishlarini bajarish va eksponatlar bilan to‘ldirish ishlari yakunlangandan so‘ng O‘zbekiston paviloni tantanali ochilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan MGIMO bitiruvchilari forumida Rossiya Madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy ushbu pavilon O‘zbekistonga foydalanish uchun muddatsiz ravishda topshirilishi ma’lum qildi.
Pavilon binosi 1950-yillarda Moskvada keng tarqalgan “Stalin ampiri” hamda o‘zbek milliy me’morchiligi aralashmasi uslubida qurilgan. Ushbu pavilon o‘sha vaqtlarda VDNXning eng chiroyli binolaridan biri bo‘lgan va san’at asari hisoblangan, lekin keyinchalik 90-yillarda qarovsiz qolib, ancha zarar ko‘rgan.
2017 yilda pavilon Moskva shahar hokimligi ixtiyoriga topshirilganidan boshlab u yerda keng qamrovli restavratsiya ishlari boshlab yuborilgan. Restavratorlar ushbu pavilonni asl holatga keltirishga harakat qilishmoqda.
Pavilonda o‘rnatilgan 8ta naqshinkor yog‘och eshiklar, pavilon devoridagi bezakli romlar ham ochilishi, pavilonning ichki ko‘rinishi ham to‘liq qayta tiklanmoqda.
Pavilon bezatilgan naqshlarda o‘zbek milliy uslubidagi shakllar bilan bir qatorda Sovet ittifoqi ramzi bo‘lgan besh qirrali yulduzlar ham juda ko‘p uchraydi. O‘sha vaqtdagi ustalar milliy va umumittifoq simvollarni mahorat bilan uyg‘unlashtirgan. Restavratsiya qilingan pavilon bezaklarida ham besh qirrali yulduzlar o‘z joyida saqlab qolinadi