Shermatov: muhokamalarga sabab bo‘lgan qaror Konstitutsiyaga zid emas

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov jurnalistlar tomonidan qo‘shimcha kvotaning pullik bo‘lishi Konstitutsiyaga zid emasligini ma’lum qildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumani ishtirok etayotgan Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov jurnalistlarning savollariga javob qaytarmoqda.

XTV: Maktablarga yordam berish - umummilliy harakatga aylansin  

Jurnalistlar tomonidan qarordagi qo‘shimcha kvotaning pullik bo‘lishi Konstitutsiyaga zid emasmi, degan savol o‘rtaga tashlandi.

Sherzod Shermatov Konstitutsiyaga zid emas, deya javob berdi.

“Bu yerda hech kimning huquqi buzilmayapti. Qo‘shimcha kvota pullik bo‘lib hech bir bola ta’limdan qolib ketmaydi. Konstitutsiyada hamma bolasini bitta maktabga joylashtirsin, degan gap yo‘q. Maktab ishlari davlat nazoratidadir, deyilgan unda”, - dedi vazir.

Shuningdek, hech kim fuqarolarni bepul ta’limdan mahrum etmayotganini qo‘shimcha qildi.

Muhokamaga sabab bo‘lgan qarorda 2019—2020-o‘quv yili uchun bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish 2019-yil 20-iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi va maktablarga pullik qabullarning joriy qilish nazarda tutilgan.