TOShKENT, 11-iyun - Sputnik. O‘zbekiston IIV Xavfsiz turizmni ta’minlash sohasiga mamlakatdagi yosh yigit-qizlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston IIV Xavfsiz turizmni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Alisherov ma’lum kildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"O‘tgan yili yurtimizga to‘rt million olti yuz mingdan ko‘proq turistlar tashrif buyurishgan bo‘lsa, bu yilning olti oyi davomida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 30 foizidan ko‘proq turistlar kelgan. Sayyohlar soni oshib borayapti. Demak, xodimlar sonini nisbatan oshirishimiz kerak. Shu bois bizga oliygohlarda tahsil oladigan yosh yigit-qizlarni xavfsiz turizmni ta’minlash sohasiga jalb qilish huquqi berildi", - dedi Alisherov.
IIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliygohlarning 2-, 3-, 4-kursda tahsil olayotgan yigit-qizlar ta’til davri (yoz)da turistik mavsum qizg‘in pallaga kirgan bir davrda jamoatchilik asosida turizm-politsiyachilari safiga qabul qilinadi.
Yoshlardan faqat chet tillarni bilish va muomala madaniyati yuqori bo‘lishlik talab etiladi.