Sherzod Kudbiyev: 60 foiz aholi pensiya huquqlarini shakllantirmayapti

O‘zbekistonda bugungi kunda 19 million yaqin mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 13,4 million kishi band aholi bo‘lib hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda bugungi kunda 19 million yaqin mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 13,4 million kishi band aholi hisoblanadi, deb axborot berdi bugun "O‘zbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev.

Aholiga ish topib berish borasida ishlarimiz qoniqarsiz – Kudbiyev

"Ahvolimiz unchalik ijobiy emas. Chunki band aholi soni 13,5 million bo‘lsa, 5,4 millioni, ya’ni 40 foizi rasmiy ravishda band bo‘lib, qolganlari norasmiy qismida faoliyat olib bormoqda. Bu 60 foiz aholimiz ertangi pensiya huquqlarini shakllantirmayapti degani. Ularning ijtimoiy muhofazasi cheklangan. Eng yomoni ular kelgusida mehnat munosabatlari, mehnat huquqlari, muhofaza qilish nuqtayi-nazaridan qonunchilikda belgilangan kafolatlardan foydalana olmaydi. Afsuski, hozirgi holatimiz shu. Biz buni rostini tan olishimiz kerak. Ana shunday meros bizga qolganligini qo‘rqmasdan gapirishimiz kerak", - dedi vazir.

Norasmiy bandlik ro‘yxatiga kiruvchilarning qariyb 2,5 millionga yaqin fuqarolar doimiy ravishda chet elda faoliyat yuritadi.

Shu vaqtgacha ishsizlik nafaqasini to‘lash tamomila unutilgan ekan - Sherzod Kudbiyev

Sherzod Kudbiyev, shuningdek, bugungi kunda 2018-yilga nisbatan mehnat organlariga 1,5 baravar ko‘proq fuqarolar murojaat qilganini qo‘shimcha qildi.

"Tarixda birinchi marta elektron murojaat va butun biznes jarayonlarimizni aholiga xizmat ko‘rsatish  xizmatlarni elektron tizimga o‘tkazib oldik. Bizga besh oyda o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p odamlar murojaat qilishdi. Murojaat qilgan 350 ming fuqarodan 239 ming nafarini ishga joylashtirdik. Bu ko‘rsatkichni o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga oshirdik", - dedi vazir.