O‘zbekistonda soxta bankrotlik uchun jarima miqdori oshirildi

Soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, qasddan bankrotlikka olib kelish uchun jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan (30 mln 409 ming 500 so‘mdan) 250 baravarigacha (50 mln 682 ming 500 so‘mgacha) oshirildi.
Sputnik

TOShKENT, 29-may – Sputnik. O‘zbekistonda soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, qasddan bankrotlikka olib kelish uchun jarima miqdori oshirildi.

Bu prezident imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

O‘zbekistonda bankrot deb topish to‘g‘risidagi tartib to‘liq o‘zgardi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, qasddan bankrotlikka olib kelish uchun jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan (30 mln 409 ming 500 so‘mdan)  250 baravarigacha (50 mln 682 ming 500 so‘mgacha)  oshirildi.

Ilgari bu miqdor eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan (20 mln 273 ming so‘mdan) 200 baravarigacha (40 mln 546 ming so‘mgacha) edi.

Mazkur jinoyatlar uchun endilikda muayan huquqdan mahrum qilish (ya’ni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish) jazosi qo‘llanilmaydi.

Mazkur o‘zgartirishlar 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.