TOShKENT, 14-may – Sputnik. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:
- umumiy tipdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi;
- maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risidagi;
- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi;
- bolalarni ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga va qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘llash bo‘yicha tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya to‘g‘risidagi.
Qarorga ko‘ra, 2019-yil 1-maydan boshlab davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlarining, pedagog xodimlar va tibbiyot xodimlarining lavozim maoshlariga 100 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.
2019 yil 1-sentabrdan boshlab davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari yordamchilarining, shuningdek, qo‘shma tipdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi o‘sishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlar bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan guruhlarda ishlaydigan tarbiyachilar, pedagog xodimlar va tibbiyot xodimlari yordamchilarining lavozim maoshlariga 100 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.