TOShKENT, 5 apr – Sputnik. Nukus shahrida reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan birinchi maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ochilish marosimida Maktabgacha ta’lim vaziri Agripina Shin, prezident maslahatchisi Abdujabbar Abduvaxitov, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva, Qoraqalpog‘iston Jo‘g‘org‘i Kengashi Raisi Muso Erniyozov, Sog‘liqni saqlash vazirligi vazir o‘rinbosari Elmira Basitxanova, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida loyiha bosh koordinatori, Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, loyiha koordinatori Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqib, ushbu loyiha ahamiyati va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor xususida gapirdi.
Mazkur muassasa jismoniy turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta’lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta’minlash imkonini yaratib beradi.
Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi 120-150 nafar imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan.
Nukus shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi Orolbo‘yi mintaqasining cheka hududlarida yashovchi bolalar ushbu muassasada tunda qolishi uchun haftasiga 5 kun mobaynida tunu-kun ishlaydi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus pedagogika bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan tarbiyachilar bilan o‘quv dasturi bo‘yicha shug‘ullanadilar, kunning ikkinchi yarimda esa shtatdagi tibbiy xodimlar nazorati ostida sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan o‘tadilar.
Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, “Saundbim” tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan. Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Shuningdek, reabilitatsiya markazida maktab yoshidan o‘tgan jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ham muolajalar o‘tkaziladi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini respublikaning boshqa hududlarida qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.